avatar
Куч
0.00
Рейтинг
0.00

Deutschlehrer Englishteacher

Мақолалар

Qishloqdosh "qoloq" do'stim Orifga

Блог им. deutschlehrer

Hozirgina kutubxonadan tushlik qilish maqsadida chiqim. Tushlik vaqtida bundan bir soat ilgari men bilan sodir bo’lgan voqeani qoralab qoyay dedimda, noutbukni ochdim.


 


Qizalog’imni har kungiday bog’chaga eltib, kitob varaqlash maqsadida kutubxonaga yo’l oldim. Ochilganidan so’ng bir soat ichida to’lib joy qolmaydigan kutubxonada, bugun negadir odam kamroq ko’rindi. Joylashgach, ancha vaqt o’qib, o’rganganimdan son’g, bir oz chalg’ish uchun internet olamiga tashrif buyurdim. Yangiliklar, habarlar bilan tanishib bo’lgach, ijtimoiy tarmoqlarni ham bir-bir yo’qlab chiqdim. Do’stlarda, tanishlardan biror yangilik bo’lsa, – deb albatta. Kompyuter ekraniga tikilib o’tirar ekanman, qulog’imga tez-tez va og’ir qadamlar bilan kimningdir yurib kelayotgani eshitildi. Balki, bu qadam tovushlarini mendan boshqalar ham eshitgani aniq. Xullas, sharpaning kimligiga nazar tashlash uchun unga yuzlandim. Qarasam…


 


Sebastian. U bilan ikki-uch yil ilgari yotoqxonada tanishgan edik. Bir-birimiznikiga mehmonga chaqirib, bordi-keldi, qo’shnichilik deganday, munosabatlarimiz yaxshi edi. Uning boshqa millat vakillari, madaniyat va yashash tarziga bo’lgan qiziqishi sabbali, mehmondorchilikdagi suhbatlarimiz uzundan-uzun bo’lardi. Biz shaharning boshqa qismiga ko’chganimiz va uning oliygohdagi o’qishi yuzasidan Gruziyaga tashrif buyurgan vaqtlarda ham o’rtadan dostligimiz aloqalari uzilmagan edi. U bilan internet orqali habarlashib turardik. U qaytib kelgandan keyin uni kutubxonada tez-tez uchratadigan bo’ldim. Xullas, ajoyib bola edi.


 


Bugun uni ko’rdimu, xursand bo’lib ketdim. Atrofga boqmay, bilmadim hayol surganmidi, bo’sh joy topish maqsadida shoshib ketayotgan edi. Meni payqamaganini ko’rib, xol soray, o’zbekcha bir salomlashay debman. Yonimdan shoshilib o’tib ketayotgan bola paqirning bilagidan tutib qoldim. Tutdimu qotdim.


“Hey, are you crazy, bist du bekloppt, was?- hoy, ninma jinni-pinni emasmisan, toming ketdimi?” – deya qichqirib qolgan Sebastianni birinchi bor ko’rib turishim. Men kutilmagan bu so’zlardan alanglab, nima qilib qo’yganimni anglolmadim ham. U shu so’zlarni aytdiyu, yo’lida davom etdi. Men esa hamon nima qildim ekan deya o’ylangancha qotib o’tirardim. Oradan  ikki daqiqa o’tar-o’tmas u oldimga keldi. Uning xali ham asabi o’ynar, nimadandir g’azabda ekanligi yaqqol ko’rinib turardi. Men esa bu g’azabga mening qanday “hissam” borligi haqida o’ylanardim.


 


“Hey bist du verrückt, was? Was soll das denn?  hoy, jinni bo’lganmisan nima balo, bu nima qilganing?“ — u shu gapni aytdiyu yana ortiga qaytdi. Turib borsammi dedimda, lekin atrofda o’tirgan hammaning e’tiborini tortmay deb jim qotdim. O’ylan toybola, o’ylan. Nima sabab bo’ldi ekan, o’ylan! Shu alfozda bir-bir yarim soat nima qilganimni bilolmay, kutubxonada “rosa” ishladim. Tushlikka chiqar chog’im, Sebastian oldimga keldida, dedi:


“Weisst du, mein neuer laptop ist eine Woche alt. Ist beinah’ ‘runtergefallen!” (Bir haftalik noutbukimni tushirib yuborishingga bir bahya qoldi, bildingmi?)


 


M E N   H A M M A S I N I  A N G L A B   Y E T D I M!! !


 


P.S.: “Qoloq” bo’lsada, ilmsiz qishloqdosh do’stlarimni juda qo’msadim.


 


www.sultonov.wordpress.com

Ayrim chet tili o'qituvchilari haqida jiddiy fikrlar

Блог им. deutschlehrer

Davlat bosh – islohotchi. Shunday ekan, har bir sohadagi islohotlarda uning xizmati beqiyosdir. Boshqa sohalardagi kabi ta’limda ham mustaqilligimizning ilk yillaridanoq davlatimiz tomonidan bir qator qonun va qarorlar e’lon qilindi, ularning amaldagi ijrosi imkoniyat darajasida nazorat qilindi va qilinmoqda[1]. Buning isboti hozirgi kunga qadar ta’lim sohasidagi islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, hamda jamiyatimiz va dunyodagi ijtimoiy-madaniy o’zgarishlargani inobatga olgan holda ularga mos ravishda doim, uzluksiz rivojlantirib borilayotganidir. Bu kabi qarorlar asosida eng avvalo boshlang’ich va o’rta-maxsus ta’limi sohasida, ya’ni maktab yoshdagi oquvchilarning bilim olishlariga doir keng ko’lamli ishlar amalga oshirilgan bo’lsa, songi yillarda e’tibor oliy o’quv yurtlariga nisbatan kuchaydi. Oliygohlarda ta’lim shakllarini rivojlantirish va ularning yangilarini yaratish, davlat, qolaversa jahon andozalari va talablariga javob bera oladigan yangi turdagi darslik va qo’llanmalar tuzish, ularni amalga tadbiq etishga doir bir qator qarorlar shular jumlasidandir. Xususan, darslik bo’yicha tenderlar uyushtirish, yilning eng yaxshi darslik yaratuvchisi, eng yaxshi muallim kabilarni aniqlash va mukofotlash, mamlakatimizda ko’plab evropa davlatlarida uchramaydigan juda ham ijobiy bir an’anaga aylandi.


 


Biroq ma’rifat nurini taratguvchi ta’lim sohasida ham davlat tomonidan berilgan ushbu e’tibor va ishonchni suyiiste’mol qilish hollarini kuzatishimiz mumkin bo’lib qolmoqda. Bu kabilarni xususan, muallim va uning o’qituvchilik faoliyatidagi e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligida yaqqol ko’rishimiz, kuzatishimiz mumkin. Maqolamiz muallim, ustoz va xurmatga sazavor o’qituvchi nomiga dog‘ tushirayotgan ayrim shaxslar haqida. O’z kasbiga sadoqatli, xalqning ilmli, savodli bo’lishi qayg’usida yuruvchi, intiluvchan, ijodkor ustozlarimiz, yosh o’qituvchilarimiz bundan mustasno, albatta.


 


Ta’limda bilimsizlik


Oramizda shunday o’qituvchilar ham borki, ular uchun ta’lim muassasagiga kelib-ketishlik kasb yuzasidan emas, aksincha, shunchaki kun tartibidan muqim o’rin olgan oddiy bir xolat bo’lib qolgan. Ularni na o’z kasbining talablari va na o‘quvchilarining kelajagi qiziqtiradi. Borib-kelish evaziga oylik maosh bo’lsa bas. Bu kabilarning iddaosi, go’yoki, o’qituvchi oyligi uning faoliyatiga haqli ravishda to’lanmaydi. Boz ustiga ular chet elda o’qituvchiga bo’lgan xurmat va e’tibordan dalillarsiz gap ochadilar, ammo o’z faoliyatlari haqida fikr yuritishdan yiroqlar.


Kamina chet elda bir necha yil yashab, bu yerlaning pastu balandini ko’rdim. Ro’baro’ kelgan turli sohalarda, har xil sharoitlarda ishladim, tajribalar orttirdim. Juda ko’p kasb egalarining ichki hissiyotlariyu, hayotga bo’lgan fikrlari bilan qiziqdim va tanishdim. Tajribalarimdan kelib chiqib, evropa mamlakatlari o’z iqtisodiy ko’rsatkichlari boshqa mamlakatlardan yuqori ekanligini ko’rsatishlari uchungina barcha fuqarolardan faqatgina ishchi kuchi sifatida foydalanishligining, shuningdek, juda ko’p og’ir sohalarda oylik maoshi mehnatga yarasha to’lanmasligining ham guvohi bo’ldim. Tog’ri, bu sohalarning o’qituvchiga nima aloqasi bor, o’qituvchiga juda yaxshi haq to’lanadiku, dersiz? Haqsiz. Biroq yaxshi xaq to’lanadigan kasblarga qo’yiladigan talablar bilan tanishib chiqmagan bo’lsangiz kerak. O’qituvchi profiliga mos kelmagan kishi, masalan Olmoniyada, ish topishi juda ham amri mahol. Buning ustiga yaxshi haq uchun ariza topshiruvchilar orasidagi bellashuv ham katta va bu ta’lim sohasiga kasbiy tayyorgarligi juda ham puxta o’qituvchilar kelishini ta’minlasa, boshqa tomondan o’quvchi (uning ota-onasi) ham ta’lim muassasiga befarq emas. Ular ham o’qituvchiga katta talablar qo’yadi. Agar o’qituvchi o’quvchilarning bilimga asoslangan talablarini bajara olmasa, u holda o’qituvchi faoliyatidan chetlashtiriladi. Shu sababli ham nemis o’qituvchilari kunning yarmini ta’lim muassasasida o’tkazsalar, yarmini esa ish stoli ustida, o’z ustida ishlash bilan o’tkazadilar. Juda yaxshi sharoitlar, eng zamonaviy va sifatli darslik va qo’llanmalar qo’lida bo’lsada, har bir darsga tayyorgarlik ko’rish uchun o’rtacha 2-3 soat vaqt sarf etishlari, bizning o’zbek o’qituvchisini ajablantirmasmikin?! O’qituvchiga bu kabi yuqori talab qo’yuvchi o’quvchi va ota-onalar yurtimizda to’laligicha shakllanib ulgurganicha yo’q. Farzandlari ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug’illanmaydigan befarq ota-onalarimiz ham ko’plab topiladi. Bilaks, o’qituvchilarimiz salohiyati yanada yuqori bo’larmidi?! Kasbiy salohiyati past o’qituvchiga bugun farzandlarimizni ishonib topshirgan bo’lsak, ikkinchi tomondan ularga davlatimiz byudjetidan sifatsiz ta’lim uchun boshqa ijodkor o’qituvchilar bilan teng ravishda maosh bilan ta’minlamoqdamiz.


 


Ta’limda o’g’rilik


Ta’limda o’grilik ham bormi deb, o’ylab qolgandirsiz? Ha, ta’lim sohasida bu kabi toifa ham bor ekan. Bu guruhga kiruvchi o’qituvchilar rahbariyatimiz tomonidan berilgan e’tibor va imkoniyatlarni, ya’ni yo’lga qo’yilgan mukofotu katta mablag’lar o’g’rilaridir. Ular bu bilan birga yurtimiz kelajagini o’qirlamoqdalar. Ko’p hollarda, assosan, chet tillarini o’qitish sohasida, chet ell adabiyotlaridan ko’chirish, ochiqroq aytadigan bo’lsak, o’girlash asosida chop etilgan darslik va qo’llanmalar soni ortib bormoqda. Bundan tashqari davlat ta’lim standartlari talablariga, qolaversa bugungi kun dars o’tish uslublariga mos kelmaydigan bir qator sifatsiz darslik va qo’llanmalar mana bir necha yillardan beriki o’quvchilarimiz qo’lida. Yangi deb e’tirof etilgan darslikni chop etilishi, yoinki ularning amalga birinchi bor tadbiq etilishi olamshumul yangilik kabi gazeta va jurnallarimizda, televidenieda e’lon qilinmoqda. Buning kelajak avlodni tarbilashimizda qanchalik ta’siri borligi haqida esa fikrlar va qarashlar kam. Bu kabi darslik va qo’llanmalar, hoh u bosma, hoh elektron bo’lsin,farzandlarimizga chet tillarini o’rganishlarida, ularning ma’naviy, ahloqiy, ideologik shuningdek chet tili bilimlarini o’zlashtirishlarida qanchalik samarador ekanliklari, ularning kelajak yoshlarda bu kabi aspektlarning rivojlanishiga qanchalik va qay tarzda ta’sir o’tkazishlariyu va o’tkaza olishlari haqidagi fikr va mulohazalar na ommaviy axborot vositalarida va na oliy o’quv yurtlarimizdagi ilmiy-amaliy izlanishlarda o’z aksini topmoqda.


 


Mas’uliyatsizlik


Bu kabi samarasiz darsliklarning ta’limjarayoniga qanday qilib kirib keladi, degan savol tug’ilishi tabi’iy, albatta. Bu savolga javob esa achchiq haqiqatlardan biri, ya’ni ayrim universitet professorlari va katta dozentlarimizning e’tiborsizligiyu, mas’uliyatsizligi, rahbariyat qarorlari ijrosiga jiddiy yondoshmasligi oqibatidir. Juda ko’p nemis tili darsliklarini tahlil qiladigan bo’lsak, ularning hech qanday ilmiy dalilga ega bo’lmagan kriteriyalar asosida, umumiy ravishda yuzaki tahlil va taqriz etilganining guvohi bo’lamiz. Bu bilan sifatsiz darsliklarning chop etilishiga va ta’lim sohasiga kirib borishiga yo‘l qoyilayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan davlatimiz tomonidan ajratilgan juda katta miqdordagi moliyaning bezij sarf etilishiga olib kelmoqda. Bundan na ilm-fan, ta’lim-tarbiyava yoinki o’quvchi-talaba va na mamlakat iqtisodiyoti biror naf olmoqda. Aksincha, bularning bari, jamiyatimizdagi rivojlanish jarayonlarini hamda ularning jadallashuvini bir necha yillarga ortga surmoqda.


 


Ta’limda ko’zbo’yamachilik


Davlat o’z qonun va qarorlari ijrosinisinash maqsadida monitoring ishlariga ham ahamiyat beradi. Biroq mana shu manitoringga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi o’qituvchilarimiz ham yo’q emas. Ko’pchilik hollarda hamkasblarimizning o’quv jarayonlarini haqqoniylik bilan emas, balki xo’jako’rsinga tahlil qilish, monitoring uchun o’quv jarayonidagi ijobiy o’zgarishlarni, o’quvchilar bilimini bo’rttirib ko’rsatishlariga guvohi bo‘lamiz. Komissiya kelishidan ilgari mutasaddi rahbarning ogohlantirishi bilan monitoring uchun tayyorgarlik ko’rish holati, balki sizga ham tanishdir. Bu kabi harakatlar faqatgina ta’lim muassasasi muammolarinigina emas, balki qabul qilingan qarorning ijrosi, qaror orqali yuzaga kelgan yangi vaziyatni hamda tegishli natijalarni aniq baholashga katta to’sqinlik qiladi. Shu bilan birga bartaraf etilishi lozim bo’lgan muammolarni yashiradi va mamlakatimizda ta’limning rivojlanishiga salbiy ta’sir o’tkazadi. Kommissiya degan so’z quloqqa chalinishidan boshlab, bu haqida fikr yuritishga qodir bo’lmay qolamiz.


 


Xulosa o’rnida


Yuqorida bayon etilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni kelajak uchun ta’qidlab o’tish lozimdir;


  • Ta’lim muassasalarida o’qituvchilar o’z kasbiy mahortalari va bilimlari ustida ishlashlarini nazorat ostiga olish, shuningdek, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan, misol uchun malaka oshirishga doir seminar va treninglarda o’qituvchilarning jiddiy ishtirok etishini ta’minlash hamda malaka oshirish materiallari bo’yicha imtihonlardan o’tkazishni yo’lga qo’yish va takomillashtirish lozim. Qolaversa, o’quvchi-talabalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlar asnosida o’qituvchi faoliyatiga qo’shimcha talablar yuklash orqali o’qituvchiga saviyasiga ijobiy ta’sir o’tkazish mumkin. O’quvchining o’qituvchiga bergan bahosi, o’qituvchining darsga yozgan konspekt rajasiga nisbatan ob’ektivroqdir.

  • Chop etilajak kelajak darslik va qo’llanmalari borasida ham mas’ul muassasalar tomonidan darslik va qo’llanmalar yaratish, ularni taqrizlash hamda chop etish va amalga tadbiq etish jarajonlarini qat’iy nazorat o’rnatishni bugungi kun taqazo etmoqda. Kelajakda talabga javob bera olmaydigan darslik-qo’llanmalarni davlat fondidan chop etilishi sodir bo’lgan holatlarda, sifatsiz darslik muallifi hamda uni taqriz etgan shaxslarni ma’naviy javobgarlikka tortish haqida ham ommaviy bahslarda munozaraga qo’yish lozim.

  • Ta’lim sohasida amalga joriy etilgan qarorlar ijrosi bo’yicha monitoring natijalari ta’lim muassasasi mutasaddi rahbarlari yoki ichki xodimlari tomonidan tuzilgan axbortnomalar bilangina cheklanishi emas, balki ta’lim jarayonida bevosita ishtirok etayotgan o’quvchilarning qarashlarini ham inobatga olishi lozim. Shu yo’l bilan qarorlar ijrosini to’laqonli bajarilishiga erishishimiz mumkin. O’quvchilarning fikr mulohazalari, chet tili fani, darsligi va hakazolar bo’yicha qarashlari, hoxish-istaklari hamda qiziqishlari ilmiy-amaliy izlanishlar doirasida o’rganilsa, katta yutuq keltirishi turgan gap.


 


[1] Ko’p hollarda yuqori davlat muassasalari tegishli qonun va qarorlar ijrosi haqida turli monitoringlar natijasi, ta’lim muassasalari tomonidan tuzilgan axborotnoma, shuningdek ommaviy axborot vositalarida aks etgan yangiliklardan habar topadi. Ushbular ta’lim muassasalari tomonidan soxta ma’lumotlardan iborat bo’lgan xolatda taqdim etilib, davlat ishonchi sui’iste’mol qilinishi ham mumkin.

Chet elni qilma orzu, u yerda ham bordir tarozu

Блог им. deutschlehrer

Chet elda o’qish, ishlash va yashashni orzu qiladiganlar juda ko’payib ketdi. Buning sababi nimada?! Chet elda hamma narsa muhayyomiki, bugun hamma chet elga intilsa? Ayniqsa Evropaga. Bu savollarga javob izlarkansan, bir muhim nuqtada to’xtalmay ilojing yo’q. Odamlar xotiralaridagi «jannatmakon chet el» haqidagi suratlarni qayerdan olayaptilar?


 


Albatta chet el hayotiga doir ma’lumotlarni umumiy ravishda ommaviy axborit vositalari targ’ib qiladi. Butun mamalakatga tarqalayotgan turli xil ko’rsatuv va chet el filmalari tanqidiy, tahliliy fikrlashi xali to’la shakllanmagan soddadil o'zbegimga katta ta’sir o’tkazmay qolmaydi. Shuningdek yoshlarimizga, asosan internet ijtimoiy tarmoqlaridan olgan ma’lumotlaridan, hoh u qisqa habar bo’lsin, hoh oddiy fotosurat, ijobiymi yoki salbiymi ularning ta’siri juda kattadir. Buning ustiga chet elda ta’lim oluvchi yoki yashovchi kishilar ham o’zlari bilmagan holda ta’sir o’tkazishlari ayni haqiqat. Keling, buni facebook ijtimoiy tarmog'i misolida tahlil qilib chiqaylik.


 


Misol uchun, facebook tarmog’ida eng ko’p uchraydigan fotosuratlarda birgina motivni ko’rish mumkin; talaba yigit yoki qiz chiroyli kulib kameraga qarab turibdi. Orqa fonda chiroyli manzara yoki kattakon tarixiy bino. Yana kimdir dengiz fonida, o'zbekistonda uchramaydigan katta-katta port kemalari oldida. Avvaliga o'zi, keyin esa ikki, uch kishi bo'lib tushishiadi. Asosiy fonda aytib o'tganimdek «baxtiyor chehralar».


Fotor0522145830


Bu kabi suratlardan olinadigan O'zbekistonda qolgan hamyurtimizning yoki oila-a'zolarimizning taassurotlari quyidagicha bo’ladi: O'g'lim, qizim, do’stim yoki dugonam mana chet elda har kuni mana shunday joylarda maza qilib yashashab yuribdi. Juda ko'pchilik yoshlarda esa o'ziga, kelajakka nisbatan ishonchsizlik, o'zini yomon ko'rish hissi tug'iladi. Menda mana xaliyam o'sha-o'sha «eski hammom, teshik tos». Ayrimlarning esa, nega falonchi chet eldayu men esa bu yerdaman, degan ma'noda jazavasi tutib, ko'ra olmaslik, hasad kasalliklariga duchor bo'ladi. Buning birgina sababi bor. U ham bo'lsa bu kabi suratlarni ko'rganlarning aksariyati boshqa hollar haqida fikr yuritmasliklaridadir. Suratdagi kishining yashash sharoiti qanday? Ishlash imkoniyatlarichi? Chet elliklar unga (boshqa millatlarga) nisbatan qanday muomalada? Ular bilan tushunmovchiliklar yo’qmi? Chet elda yashashning zavqi nimayu, qiyinchilik va muammolari nimada? Bu kabi savollar har bir chet elda yashovchi kishilar bilan uzviy bog'liqligini o'ylab ham ko'rmaydilar. Suratni ko’rgan kimki bor, ularning 80 foizi faqat birinchi fikrdan chetlab nari o’tolmaydilar. Buni fotosurat tagidagi izohlardan ham bilish mumkin; O’ zo’ru. Maza qilib yuribsizmi! Qanday chiroyli joylar! Bizni ham olib keting! Sizga havasim kelayapti! va hkz.


 


Aslida esa haqiqat (tajriba va kuzatuvlarimga asoslansam) umuman boshqacha bo'lishi mumkin. Chet elda o’qib-ishlash oddiy oiladan chiqqan yoinki ota-onasining puliga ko’z tikishni istamagan mustaqil kishi uchun unchalik ham oson emas. Chet elda yot qonun-qoida, yot kishilar hamda ona yurtdan boshqa shart-sharoitlar mavjud. O’zbeklar tabi’atan jomoyatchilikni yaxshi ko’ramiz va jamot bo’lib yashaymiz. Shuning uchun ham, qarindosh-urug’, mahalla-ko’y, tanish-bilish bilan birga hayotdagi qiyinchiliklaru xursandchiliklar birga baham ko’riladi. Chet elda esa bu kabi jamoytchilik rivojlanmagan. Bu o’zbek yoshlari uchun eng birinchi salbiy omil. Shuning uchun chet elda o’zbeklar bir-biri bilan tez-tez ko’rishib turishni xohlashadi.


Olmoniyadagi ko'pchilik yurtdoshlarim bilan suhbatlashsam, ular internetga joylagan suratlar, ya'ni ular orqali berilayotgan signallarinig bu kabi aksini eshitaman. Ona yurtda ota-onamiznikida issiq uylarda, qalin ko’rpachalarda, tayyor ovqatlar ustida bo’lishga juda ko’nikkan xalqmiz. Ko’pchilik yoshlar yashaydigan talabalar yotoqxonasi yoki kvartiralarda sharoitning qandayligi haqida facebokdagi suratni ko’rgan kishi hech qachon o’ylab ham ko’rmaydi. 12-18 m2 lik xonada bir o’zing yashashlik havasdir, biroq mana shu boshpanaga ijara xaqqini o’z vaqtida to’lashni o’ylab, tinmay ish izlab, tog'ri kelgan ish bilan shug'illanib yurgan talabaning holatini suratlardan o’qib bo’lmaydi. Buning ustiga tibbiy sug’urta ham, internet va telefon shartnomasi ham oyning belgilangan kunida hisob raqamidan pulni cho’rt kesib olishini kuzatuvchi hech qachon bilmaydi. Bu muammolar oilasi bilan yashovchi kishilarda yanada muammoliroq ekani haqida o’ylab ham ko’rmaydi. Har oy keyingisi uchun hisob raqamida yetarli miqdorda mablag' bormi deya doimiy hadikda yurgan oila boshlig'ini ko'z oldingizga keltira olasizmi?! Chet elliklarga, ayniqsa talabalarga bo'lgan ishlashga oid huquqiy cheklovlarnichi?!Chet ellik talaba bir yil davomida 4 oygina to'liq hajmda  yoki yarim ish hajmi bilan 6 oygina ishlash huquqiga ega. Bundan tashqari, juda ham yuqori bo'lgan soliqlardan bosh tormoqchi bo'lsangiz, u holda bir oy davomida ish haqqingiz 450 evrodan oshmasligi kerak. Bu bilan o'qib, ishlab, yashab bo'ladimi. Ha, biroq qanday sharoitda...


 


O'zbeklar ko'p shaharlardan biri Münchenga ishlash uchun borishni bir tanishimdan maslahat so'radim. München eng boy va katta shaharlardan bo'lishi bilan birga u yerda ish topish ham unchalik qiyin emas deb o'ylagandim. Biroq masalaning boshqa tomoni bor… Tanishim ish topishim muammo emasligini, 1200-1500 evro atrofida ishlashim mumkinligini aytdi, ammo menga hech qanday nafi bo'lmasligi mumkin degan fikrni ham bildirdi. Brinchidan, u yerdan boshpana topish oson emas. Agar hohlasangiz noqonuniy ravishda katakdek 12 m2 xonada 2-3 kishi, 2-3 xonali uyda 8-10 kishi bo'lib yashayotganlarga aytaman, sizni ham qabul qilishar deb, kulib qo'ydi. Bildimki, bu yerda ham ahvol Rossiyadan qolishmaydi ekan. Agar shunday yashamasa topgan pul kvartiraga ketadi talabalar yotoqxonasida 300 evroga topishingiz mumkin, biroq yotoqxona ololmasangiz u holda 450-550 evro — yeb-ichish bilan bir oyda topgan pulingizning yarmidan ko'pi — shunchaki oylik harajatingiz. Oilali odamga umuman tog'ri kelmaydi. Nemislar qiladigan toza ish bo'lsa 2000 sof foyda olsangiz unda mayli edi. Uning bu fikrlarini eshitib shashtimdan qaytdim.


 


Chet etlda yashayotgan, o’qiyotgan yoshlarning hayotiga havas qilishlik yaxshi, biroq haqiqatni bilmay turib, ba'zan ona zaminga, Vatanga nisbatan adovat qilishlikni nima deb tushunish kerak!? Buning ustiga chet elga kelib olib, tug’ilib o’sgan yurtini asossiz, aniq dalillarsiz qora kuyaga bo’yayotgan yoshlarimiz ham kam emas. Muammolardan xoli yurtmiz deyolmaymiz, bu haqiqat. Lekin shu muamolar haqida birga-birga o’ylashib, ularni bartaraf qilish barchamizning kelajak avlod, farzandlarimiz oldidagi vazifamiz emasmi?!


 


Ko’pchilik nolishlar sabab qilib ishsizlik tilga olinadi. Lekin aniq haqiqatni ko’rsang, yurtmizda chet elda qilayotgan kabi ishlar bir talay. Biroq “odamlarda” oriyat paydo bo’lib qoladimi, O'zbekistonda bularni ish sifatida, peshona teri sifatida ko’rilmaydi. Ayni haqiqat esa, aksar hollarda ko’pchilik yoshlarimizning chet ellarda restoranlarda idish-tovoq yuvuvchi, turli korxonalarda tozalovchi farrosh, magazin rastalariga mol taxlovchi, qariyalar uyi va kasalxonalarda keksa, og'ir bemorlarga yordamlashuvchi (keksa yoshdagi nemislar bilan ishlash juda «oson»), qarovsiz hayvonlar boqib olinadigan uy «Tierheim»larda hayvon boquchi bo’lib pul topishlaridir. Kimdir bu ishlarni ilm olish maqsadida qilayotgan bo'lsa, yana kimdir pul topish uchun kasb qilmoqda. Kimga ish kerak, mana restoranlarimiz, maktablarimiz, bog’chalarimiz farroshlarga, bozorlarimiz hammollarga muhtoj bo’lib yotibdi. Chet elda bularning hammasi peshona teri, halollik bilan kelajak uchun kurash deb qaralsa, ona yurtda uyat, andisha qilinadi.  Albatta bu andishalikka jamiyatimizning, odamlarimizning o'zi sababchi. Bu kabi ish bilan shug'illanuvchi kishilarni inson safiga qo'shmaydigan, ularga past nazar bilan qaraydigan jamiyatda olg'a siljish albatta bo'lmaydi. Chet elda esa yotlik, begonalik qo'l kelganidan, hech kimdan or qilishni bilmaymiz.


 


Qarashlarim bilan kimlarnidir kamsitish niyatidan yiroqman, biroq chet elda yurganlar ham, ona yurtda nolish otayotganlar ham haqiqatdan kelib chiqib, o’ylab fikr yuritishsa ayni muddao bo’lardi.


 


sultonov.wordpress.com